“Indorama Corporation” bilan hamkorlikda yirik investitsion loyihalar joriy etiladi
2026-07-27 11:25:00 / Yangiliklar

Unda kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyati yakunlari sarhisob qilinib, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va agro-sanoat sohalarida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi natijalari, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar samaradorligi hamda yangi investitsiya tashabbuslarini hayotga tatbiq etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish, hosildorlikni oshirish, paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunga qadar kompaniya mamlakatimizning qishloq xo‘jaligi, kimyo va to‘qimachilik tarmoqlariga 1 milliard AQSh dollaridan ortiq investitsiya kiritib, O‘zbekistonning eng yirik xorijiy investorlaridan biriga aylangan.
Uchrashuvda kompaniyaning navbatdagi investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik loyihalar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, Qashqadaryo viloyatida mahalliy paxta xomashyosiga asoslangan zamonaviy ip-kalava ishlab chiqarish majmuasini barpo etish tashabbusi muhokama qilindi.
Hozirda dastlabki texnik-iqtisodiy asoslash bosqichida bo‘lgan mazkur loyihaning qiymati qariyb 60 million AQSh dollarini tashkil etishi rejalashtirilgan. Loyiha eksportbop, yuqori sifatli to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kompaniya tomonidan umumiy qiymati 500 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan yangi investitsiya dasturi doirasida agro-sanoat, kimyo, tog‘-kon va qayta ishlash tarmoqlarida qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar xalqaro tajriba, ilg‘or texnologiyalar va investitsiyalarni keng jalb etish orqali qishloq xo‘jaligida yuqori qo‘shimcha qiymat yaratish, eksport salohiyatini oshirish hamda sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish borasidagi hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.

