O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni: Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik aloqalari yanada kengayadi
2026-07-27 12:10:00 / Yangiliklar

Delegatsiyaning 50 nafardan ortiq a'zolari safidan O‘zbekiston –Saudiya ishbilarmonlar kengashi hamraisi Muhammad Abunayyan ham o‘rin egallagan.
Bugun poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent” mehmonxonasida tashrif doirasidagi dastlabki uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev mehmonlar bilan muloqot o‘tkazdi.
Muzokaralarda keyingi yillarda davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari ikki mamlakat yetakchilarining muntazam uchrashuvlari va yuqori darajadagi muloqotlari tufayli tobora mustahkamlanib borayotgani qayd etildi.
Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yildagi Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi, 2023-yildagi “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammiti hamda 2024-yilda Ar-Riyodda o‘tgan Islom Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasidagi uchrashuvlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.
Uchrashuvda ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytitish, sohada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, kadrlar tayyorlash, tizimda raqamli yechimlarni joriy etish, xususiy tibbiyot va farmatsevtika sohalariida investitsiyaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Tashrif doirasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yana qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

