“Yangi O‘zbekiston” universiteti talabalari Germaniya korxonalarida amaliyot o‘tashadi
2025-07-02 14:00:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, mazkur universitet faxriy Prezidenti Wolfgang A.Herrmann va kengash a’zolari ishtirok etdi.
Yangi tashabbus O‘zbekiston hamda Germaniyaning yirik sanoat tarmoqlari vakillari o‘rtasida chuqur hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va talabalarimizni nemis kompaniyalariga amaliyotga yuborishni nazarda tutadi.
Shuningdek, tadbir doirasida kengash a’zolari esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Kengashga Energetika vazirligi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiy KMK” AJ, “O‘zkimyosanoat” AJ hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi kabi yirik tashkilotlar vakillari a’zo hisoblanadi.
Shuningdek, Germaniyaning nufuzli korxonalari – “DaimlerChrysler AG”, “BOSCH”, “STADA Arzneimittel AG”, “TAL Group” va “Siemens Energy” rahbarlari ham kengash qatnashchisi sifatida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda “Yangi O‘zbekiston” universitetida ushbu kompaniyalarning laboratoriya va ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish yuzasidan ham fikr almashildi.